Korrupsiyaga qarshi kurashishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida Agentlik tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida davlat byudjeti mablagʻlarining samarali sarf etilishini taʼminlash, davlat xizmatida halollik standartlarini keng joriy etish, davlat idoralarining ochiq va oshkora faoliyat yuritishini taʼminlash kabi qator muhim yoʻnalishlarda zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlarini faol tatbiq etish masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Jumladan:
Qurilish sohasida:
Qurilish sohasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi respublikaning barcha hududlarida 2021-yil 1-yanvardan real vaqt rejimida toʻliq ishga tushirildi.
Ushbu tizimning ishga tushirilishi natijasida qurilish obyektlarini rekonstruksiya qilish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ekspertiza, nazorat va monitoring faoliyatlari toʻliq raqamlashtirildi.
Shuningdek, davlat shaharsozlik kadastri hujjatlarini yuritish, ularni jamoatchilikka taqdim etish imkonini beruvchi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimi (geoportal) ishlab chiqildi.
Yoki qurilish-pudrat tashkilotlari koʻrsatkichlarini inson omilidan xoli, raqamlashtirilgan texnologiyalar yordamida baholaydigan “Qurilish pudrat tashkilotlar reytingi” axborot platformasi yaratildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-yanvardagi 46-son qarori bilan Qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yangi nizom tasdiqlandi.
Nizom talablariga asosan, davlat buyurtmachilarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 6000 baravaridan ortiq boʻlgan qurilish sohasidagi tanlov(tender)lar “tender.mc.uz” elektron portali orqali amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-fevraldagi PQ-4586-son qaroriga asosan Qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat oʻrnatish, obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida 2020-yil 1-apreldan boshlab, davlat qurilish nazoratining takomillashgan yangi tartibi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Qurilishdagi nazorat” tizimi ishga tushirilib, respublika boʻyicha 32 800 nafar foydalanuvchi nazorat faoliyatini yuritmoqda.
Sogʻliqni saqlash tizimida:
“elektron sogʻliqni saqlash” tizimi doirasida 16 ta yangi axborot tizimlari (“coronavirus.uz”, “Bemor”, “PZR-test”, “Audio skrining” va bshq.) joriy qilindi. Shuningdek, 3 ta axborot tizimi (“Sunʼiy intellekt”, “Yagona darcha”, “Kitactive”) tajriba sifatida ishga tushirildi hamda “Elektron taʼlim”, “Vaksina logistikasi” kabi elektron tizimlari joriy qilinmoqda.
Oliy taʼlim tizimida:
Doktoranturaga kirish uchun oʻtkazilgan imtihon jarayonlari imtihon.edu.uz platformasida onlayn translyatsiya qilindi.
Kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari ham imtihon.edu.uz platformasida onlayn translyatsiyasi tashkil etildi.
Magistraturaga qabulda 2-bosqichli tanlov jarayoni yoʻlga qoʻyilib, hujjatlar magistr.edu.uz platformasida onlayn shaklda qabul qilindi.
Ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirish uchun ikkinchitalim.edu.uz, akademik litseylarga hamda professional taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun litsey.edu.uz, kasb.edu.uz, kollej.edu.uz, texnikum.edu.uz hujjatlarni onlayn topshirish platformalari ishlab chiqildi va joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-iyundagi “2021/2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ–5157-son qarori bilan talabalar oʻqishini koʻchirish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish jarayonlarida shaffoflikni taʼminlash, tartiblarni yanada soddalashtirish mexanizmlari takomillashtirildi.
Talabalar oʻqishini koʻchirish, tiklash va xorijdan koʻchirishda barcha jarayonlar ochiq va shaffof boʻlishini taʼminlash maqsadida arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish va qaror qabul qilish maxsus avtomatlashtirilgan onlayn dastur transfer.edu.uz yordamida amalga oshirildi.
OTM faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, oliy taʼlim tizimida jarayonlarni avtomatlashtirish, byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishini oldini olish va moliyaviy xarajatlarni qisqartirish maqsadida “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS) ishlab chiqildi.
Imtihon natijalariga koʻra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq tabaqalashtirilgan toʻlov-shartnoma asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar uchun onlayn shaklda ariza qoldirish hamda toʻlov-shartnomani onlayn qabul qilish imkonini beruvchi t-kontrakt.edu.uz axborot tizimi ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Mazkur axborot tizimi Davlat test markazi bazasi bilan integratsiya qilindi va abituriyentlar toʻplagan bali boʻyicha kontrakt miqdori avtomatik shakllantirilishi hisobiga tabaqalashtirilgan toʻlov-shartnoma miqdorini belgilash bilan bogʻliq korrupsiyaviy holatlarning oldi olindi.
OTMlar talabalari va professor-oʻqituvchilari tomonidan korrupsiya holatlari haqida anonim xabar qilish imkonini beruvchi @anticoredu rasmiy telegram boti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, vazir hamda uning oʻrinbosarlariga bevosita ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yoʻllash imkoniyati yaratildi.
Davlat xaridlari sohasida:
2021-yil 22-aprelda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Qonunga asosan, 2022-yil 1-yanvardan boshlab, barcha davlat xaridlari (eng yaxshi takliflarni tanlash va tender xarid qilish) tartib-taomillarini majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkazilishi joriy qilindi
Hozirda davlat xaridlari maxsus axborot portali (http://xarid.uz) orqali amalga oshiriladi. Unda davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yaratilgan yana bir platforma bu “E-anticor.uz” elektron platformasidir.
Mazkur elektron platforma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-81-son qarori asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Mazkur platformani yaratishda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro standartlar inobatga olindi va xorijiy mamlakatlar tajribasi, xususan Janubiy Koreya tajribasi oʻrganildi.
Elektron platforma davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarida (davlat tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash imkonini beradi.
“E-anticor.uz”ning oʻziga xos xususiyati bu maʼlumotlarni avtomatik qayta ishlash va hisoblash boʻyicha sunʼiy intellekt texnologiyasidan foydalanilganidir.
Elektron platforma mustaqil ravishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritilgan maʼlumotlarni baholaydi.
Bunda, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi
0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.
Yaʼni:
81 balldan 100 ballgacha toʻplagan davlat tashkiloti – “yaxshi”;
55 balldan 81 ballgacha toʻplagan davlat tashkiloti – “qoniqarli”;
55 balldan past toʻplagan davlat tashkiloti – “qoniqarsiz” deb topiladi.
Albatta, platforma tomonidan berilgan avtomatik ballar Agentlik va maxsus jamoatchilik tuzilmasi – Ekspertlar guruhi tomonidan koʻrib chiqiladi, ballar kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin.
Qaror talablaridan kelib chiqib, baholash birinchi bosqichda oʻz tizimida korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etayotgan 24 ta tashkilotda eksperiment tariqasida oʻtkazildi.
Mazkur reyting baholash tizimi yil yakuniga koʻra barcha davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati boʻyicha amalga oshiriladi va jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.
Bundan tashqari, Agentlik axborot tizimlari Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiruvchi boʻsh (vakant) ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlarning axborot bazasi hamda Ochiq maʼlumotlar portali bilan ham integratsiya qilingan.